YANGILIKLAR
Xalqaro yangiliklar
World Athletics 2026-yilgi uchta xalqaro musobaqa saralash tizimini e'lon qildiWorld Athletics 2026-yilgi uchta xalqaro musobaqa saralash tizimini e'lon qildi
World Athletics Kengashi Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2026-yilgi World Athletics Series musobaqalar turkumiga kiruvchi uchta xalqaro musobaqaning saralash tizimini tasdiqladi:
- World Athletics Yopiq inshootlardagi Jahon Chempionat-2026 Kujavi-Pomorze, Polsha (2026-yil 20—22-mart);
- World Athletics Estafeta Chempionati-2026 Gaborone, Botsvana (2026-yil 2—3-may);
- World Athletics U-20 Jahon Chempionati-2026 Oregon, AQSh (2026-yil 5—9-avgust).
Polshaning Kujavi-Pomorze mintaqasida bo‘lib o‘tadigan Yopiq inshootlardagi Jahon Chempionati-2026 uchun saralash davri 2025-yil 1-noyabrdan 2026-yil 8-martgacha davom etadi. Saralash belgilangan normativ me’yorlarni bajarish va yopiq inshootlardagi eng yaxshi natijalar ro‘yxati asosida amalga oshiriladi.
Atletlar yakkalik musobaqalar uchun (jamoaviy turlardan tashqari) uch xil yo‘l bilan saralashdan o‘tishlari mumkin:
• Saralash davri davomida belgilangan normativni bajarish;
• World Indoor Tour musobaqasida g‘olib chiqib, to‘g‘ridan to‘g‘ri maxsusu yo‘llanma (wild card) olish orqali;
• Yopiq inshootlardagi eng yaxshi natijalar ro‘yxatida yuqori o‘rin egallash orqali.
“Road to Kujawy Pomorze” nomli reyting ro‘yxati 2025-yil 1-dekabrdan boshlab, har hafta World Athletics rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Mazkur musobaqaning saralash tizimi bo‘yicha tasdiqlangan hujjatni ushbu havolada ko‘rishingiz mumkin.
World Athletics Estafeta musobaqasida har bir yo‘nalishda eng ko‘p 24 ta jamoa qatnashadi. Joriy yilning 13—21-sentabr kunlari Tokioda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionati-2025 estafeta musobaqalarini yuqori sakkizlikda yakunlagan jamoalar Botsvananing Gaborone shahrida o‘tkaziladigan musobaqaga avtomatik ravishda yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Mezbon davlat — Botsvana atletlari jamoasi esa barcha estafeta turlari musobaqasida avtomatik ravishda ishtirok etadi. Qolgan o‘rinlar esa 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 5-aprelgacha bo‘lgan davr ichida eng yaxshi natijalar ro‘yxati asosida shakllantiriladi.
Aralash 4x100 metr estafetasida esa barcha 24 ta jamoa faqat eng yaxshi natijalar ro‘yxati asosida tanlab olinadi. Mazkur musobaqaning saralash tizimi bo‘yicha tasdiqlangan hujjatni ushbu havolada ko‘rishingiz mumkin.
AQShning Oregon shtatida bo‘lib o‘tadigan U-20 yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun saralash tizimi faqat belgilangan normativ me’yorlarni bajarish asosida amalga oshiriladi. Saralash davri 2025-yil 1-oktabrdan 2026-yil 26-iyulgacha davom etadi. Mazkur musobaqaning saralash tizimi bo‘yicha tasdiqlangan hujjatni ushbu havolada ko‘rishingiz mumkin.
Ushbu chempionatda ilk bor aralash 4x100 metrli estafeta hamda 10 000 metrga sportcha yurish musobaqasining o‘rniga 5000 metrga sportcha yurish turlari kiritiladi. Mazkur musobaqaning saralash tizimi bo‘yicha tasdiqlangan hujjatni ushbu havolada ko‘rishingiz mumkin.





